(Ushbu she'riy kitobimni mehribon onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi va mening ikkinchi onam E'zozxon Kenjayevalarning porloq hotiralariga bag'ishlayman.)X.V.
Ipi qo'ldan chiqqan pufak kabi oy
Poyonsiz samolar saxrosida quyosh,
Dumalar yonayotgan tuyaqorin singari.
Dalalarga qo'nar shom xasrati yuvosh,
Cho'kar daryolarga oyning langari.
Chirildoq goh jo'shib, gohida to'xtab,
Chirillar, topolmay berkingani joy.
Ipi qo'ldan chiqqan pufakka o'xshab,
Osmonga ohista ko'tarilar oy.
25/01/2020.
Erta bilan 9:51.
Kanada, Onterio.
Niyyat
Zulmatda chirildoq chirillagan on,
To'lin oy porlasa paykalga qarab.
Yag'ir do'pping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolg'iz, suv tarab.
Sokin uvotlarda bo'zraysa fonar,
Oqshom yulduzlarni birma bir yoqsa.
Og'zini lang ochib oydin dalalar,
Oyning qo'rg'oniga ag'rayib boqsa.
Suvlar jildirasa, pushtalar to'lib,
Ko'rshapalak uchsa shodon, ovozsiz.
O'ltirsang porlagan oyga termulib.
Oddiy suvchi bo'lsang, bo'lsang savodsiz.
Shiypon tamondagi so'rida yotsang,
G'ir - g'ir esaversa tungi shabada.
Uyg'onsang to'rg'aylar chuldirayotgan,
O'z ona yurtingda, tongi dalada.
7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1 dan 56 daqiqa o'tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Xovuz
Yulduzli osmonning g'aznasi ochiq,
Oy xovuz suviga tashlangan chaqa.
Xovuzda ko'zagul g'unchasi yopiq,
O'ltirar zangori yaproqda baqa.
Yulduzlar baqadan qo'rqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qo'rqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni yamlamay yutdi.
So'ng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi olmos chivinday tutib.
To'lin oy berkinib oldi, qisqasi,
Qo'rqib, nafasini ichiga yutib.
Oy mag'ribga juftak rostladi, qochdi,
Hademay tun o'rnin egallar kunduz.
Xovuzda nilufar g'unchasin ochdi.
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.
12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa o'tdi.
Kanada.Brempton shahri.
Bahor sog'inchi
Bahor kelar, tarqalar tuman,
Tarqaganday qayg'uli tushlar.
Qaytib kelar bulutlar bilan,
Inlarini sog'ingan qushlar.
Bog'lar yechib muzlagan to'nin,
Kiyar ko'ylak yam yashil chitdan.
Daraxtlarning shoxiga qo'nib,
Tolzarlarda oh chekar chittak.
O'rik gullarini o'par daydi yel,
Gullar boshin egar, uyalib.
Chittak nolasiga quloq tutar el,
Belkurakka o'ychan suyanib.
01/02/2020.
Kech soat 6:57.
Kanada, Onterio.
G'ozlar galasining bo'm -bo'sh chelagi
Yog'ar kuz yomg'iri maydalab, ezib,
Yomg'irda yuvilgan oynaday tuyg'u.
Hiyobonda yolg'iz yurarman kezib,
Ko'lmaklar ko'zida ismsiz qayg'u.
Suv yuzida g'amgin kumush xalqalar,
Shivirlar qamishli sohillar labi.
Bir yupun majnuntol yolg'iz chayqalar,
Unsiz yig'layotgan parizod kabi.
Oxir tamom bo'ldi yomg'ir ko'z yoshi,
Tabiat yig'idan to'xtadi, tindi.
Yomg'irda yuvilgan sohillar toshi,
Borliqqa musaffo halovat indi.
Tortinchoq yalong'och bog'lar bir yonda,
Oynadek yaltirar bog'lar yo'lagi.
G'iyt - g'iyt etar kuzgi g'amgin osmonda,
G'ozlar galasining bo'm - bo'sh chelagi.
9 iyul, 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o'tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Kuzgi oynalarning unsiz ko'z yoshi
Yomg'irlarda yaltiraydi tosh,
Qarar o'ychan tabiat romdan.
Yog'ayotgan yomg'irmas, ko'z yosh,
Ko'zlaringdan duvillab tomgan.
Sen ketasan soyabon qo'lda,
Olislaysan misoli ro'yo.
Daraxt aksi, ko'lmakli yo'lda,
Cho'kib yotar ko'zguga go'yo.
Sensiz endi yurak qiynalar,
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, g'amgin oynalar,
Odam kabi yig'laydi yum - yum.
31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1 dan 29 minut o'tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Xazonlarga ko'mildi yo'llar
Lovullab yongancha kuzgi gulxanda,
Guvillar xayoli parishon bog'lar.
O'ychan kuz labida qaxrabo xanda,
Telba girvatlarga termulgan chog'lar.
Bodi izg'irinda yalong'och, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bog'lar yechinarkan ayolga o'xshab.
Daryoning labida qamishlar nayi,
Xazonga ko'milar yo'laklar, tomlar,
Ko'cha fonusiga tirab manglayin,
Yig'lasa mo'riday qoraygan shomlar.
Olis o'lkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan to'lin oy mo'ralagan payt,
Adashgan yo'lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
13 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 23 minut o'tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Yolg'izlik
U stol ustida yotgan qog'oz markaziga
qalam bilan nuqta qo'yarkan, dedi:
- Bechora, qanchalar yolg'iz u
qog'ozning qor bosgan dalalarida!..
So'ngra shosha pisha o'chirgich bilan
o'chirarkan nuqtani, o'ziga o'zi:
-Endi qorbo'ronda ko'rinmay ketdi -
dedi, qayg'u bilan chuqur xo'rsinib.
So'ng deraza ortida bo'ralab yog'ayotgan
Tung laylakqorga termuldi uzoq.
05/02/2020.
Kech soat 5:55.
Kanada, Onterio.
Sukunat
Yolg'iz kezinasan o'tloq tomonda,
Ko'rinmaydi kuzgi yo'llarda birov.
Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
Qoshu kipriginga qo'nadi qirov.
Bog'lar sukunatga, xayolga botgan,
Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
Yaproqlarning mungli tovushin.
11/02/2020.
Erta bilan soat 8:16.
Kanada, Onterio.
Zulmatlarda uchqunlaydi qor
Bu xazon, ko'zlari ojiz oshiqning
Qo'lidagi o'qilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
So'zsiz qo'shig'idir soqov hofizning.
Men bo'lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg'iz uvlayotgan qora shamolman.
Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?
Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug' oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..
Aytgil, nima uchun, kimni sog'inib,
Sochlari quvv oqardi qishning?
20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut o'tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Qaldirg'och
Kuzda ketganingni sezmay qolar el,
Hattoki ortingdan yursa ham poylab.
Ko'kda qanotlaring ivitsada sel,
Ummonlar ustidan uchasan oylab.
Bo'ronlar ham seni to'solmas yo'ldan,
Goho seni quyuq tumanlar yutar.
Uy olib Maslaxat yo Oltinko'ldan,
Odamday bir joyda yashasang netar?
Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
Chug'ur chug'ur sayrab, zavqqa to'lasan,
Loylar marjonidan qurilgan inda.
Loyni iylarmishsan tumshug'ing bilan,
Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
Ko'lmaklarda goho aytgancha o'lan,
Cho'milasan, vojib bo'lganday g'usl.
Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
Eshitdim, qaldirg'och, kelibsan qaytib.
Yana in quribsan, tumshug'ingda loy,
Bizni xasharga ham qo'ymabsan aytib.
24 may, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o'tdi.
Kanada.Brempton.
Seldan guvillaydi o'tlog'u dala
Sharros quyar ekan shovqinli jala,
Guldirak faryodi olamni tutar.
Seldan guvillagan o'tlog'u dala,
Sharshara ortida ko'rinmay ketar.
Lek shadid talo to'p ko'p o'tmay yana,
Taqa taq to'xtarkan, tinib qolar sel.
Osuda sukunat qo'ngan ko'chaga,
Xayolchan termular darchalardan el.
Shalobbo bog'larda shodumon qushlar,
Chug'ur chug'ur sayrab, quyosh charaqlar.
Ko'chada osmonu falakdan tushgan,
Bus - butun bir ko'zgu yotar yaraqlab.
23/02/2020.
Kunduz soat 10:27.
Kanada, Onterio.
Sog'intirdi dala, sokin sukunat
Yetar daydiganim, qaytaman uyga,
Kechirgandir meni xalq va hukumat.
Sog'intirdi yomon men yonib suygan,
Qadrdon dalalar, sokin sukunat.
Boshda yag'ir do'ppim, qo'ltig'imda qop,
Jo'nayman o'rilgan bug'doyzor tomon.
Tig'day yaraqlagan panshaxani ob,
El bilan dalada to'playman somon.
Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
Maynalar qo'nadi sigir shoxiga.
Keng dalada to'xtab, tutaman quloq,
Uzoqdan hasratli kakku ohiga.
Qadrdon so'qmoqni izlab topaman,
Menga bosh irg'aydi o'tloqda biya.
Hayratdan ochilgan og'zim yopaman,
Ari-pari kirib ketmasin deya.
Yolg'iz, "Cho'chqaxona"* tomonda yursam,
Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
"Zilolmos"* tarafda xayqirib, xursand,
Poyezd gudok berar menga uzoqdan.
19/02/2020.
Erta bilan soat 7:51.
Kanada, Onterio.
*"Cho'chqaxona" - Qoradaryo sohilidagi qadimiy cho'chqaxona xarobasi.
* "Zilolmos" - Kuyganyordagi daryo ustiga qurilgan yashil rangli temir ko'prik.Zeleniy most.
Tungi qo'ng'iroq
Yo'lovchi turtinib borar ko'chada,
Qorzarralar aro, ko'zlab uyini.
Qaysidir darchada chiroq o'chadi,
Chirpiraydi telba qorlar quyuni.
Qor hamon qiyalab yog'adi tinmay,
Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
Zulmatlardan menga so'ngi tramvay,
Qo'ng'iroq qiladi qayta va qayta.
24/02/2020.
Erta bilan soat 9:56.
Kanada, Onterio.
Landavur daraxtlar
Zulmatda laylakqor yog'ar bo'ralab,
Pichirlaydi darcha, alaxlar.
Oppoq qorlar kafaniga o'ranib,
Menga bunday boqmang, daraxtlar.
Nahot yoqolmaysiz bog'larda gulxan,
Turibsiz, sovuqda gezarib, qaqshab.
Sizdan ozodroqdir hattoki qul ham,
Nahot yasholmaysiz, odamga o'xshab?
Nahotki sizlarda sandal yo pech yo'q?
Kulbangiz tomidan burqsimas tutun.
Nahot ko'mir bo'lmasa ham, hech yo'q,
Topolmaysiz ozgina o'tin?..
29/02/2020.
Kunduz soat 12:20.
Kanada, Onterio.
Shom hasrati
Olis okeanlar ortida qolgan,
Uy eshigi balki turar ochilib.
Va g'amgin shu'lalar to'shalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.
Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
Dalalar osuda sukutga cho'mar.
So'ngra yum - yum yig'lab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga ko'mar.
Yulg'un o'sgan baland jarlar uzra jim,
Sas - sadosiz asta ko'tarilsa oy,
Yorishib ketadi mening lablarim,
La'lin lablaringa muhr bosgan joy.
Yodga tushsa nogoh daryoning labi,
Yolg'iz u damlarni eslasang gohi,
Zulmatli bog'larda chirildoq kabi,
Chirillar, oh chekib sevgi arvoxi.
9 aprel, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut o'tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Kuzgi sukunat
(Jurnalist Shodiyor Sayfga)
Kuzgi chorbog'larda yorildi anor,
Tindi botargoxda qushlar janjjali.
Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
Ko'kda turnalarning xanjari.
Chug'urchiq galasi turnalar bilan,
Uchib ketdi ko'zlar ilg'amas joyga.
Otlar o'tlayotgan o'tloqni tuman,
Sehrgarday berkitdi qayga?
Shamol qari tovuq singari titib,
Xazon shopiradi, daraxtlar yupun.
Xo'mraygan to'nkani zimdan qo'rqitib,
Men kuzgi jimlikda yoraman o'tin.
14/02/2020.
Kech soat 7:34.
Kanada, Onterio.
Yo'llar
O'sha o'sha yomg'ir va o'shanday yo'l,
Qachonlardir birga ikkimiz yurgan.
Jilmayib, qo'limga uzatganding qo'l,
Ruhim zulmatlarin to'ldirib nurga.
Ikkimiz yurganda negadir ko'cha,
Tez tugab qoladi - deganding to'xtab.
Tun bo'yi daydiyman, chiroqlar o'char,
Sensiz ko'chalarning poyoni yo'qday.
18/03/2020.
Kunduz soat 10:28.
Kanada, Onterio.
Tumanli dalalar
Borliqqa hukmron kuzgi sukunat,
Tumanda daraxtlar ko'rinar arang.
Paxta talab qilmay qo'ydi hukumat,
Jimgina uyquni urmoqda dala.
Paxsa devorlarga yopilgan tappi,
Qish beg'am qaydadir qayraydi qilich.
Quyuq tuman bosgan dalada kampir,
Echkisin izlaydi, qo'lida xivich.
17/03/2020.
Erta bilan soat 9:31.
Kanada, Onterio.
Ko'klam chaqinlari
Kumushdek yaraqlar kulbalar tomi,
Sukunatga cho'mgan o'tlog'u dala.
Shivirlar bahorning yomg'irli shomi,
Ohista, hech kimga bermasdan halal.
Yomg'irli zulmatda uzoq yaqinlar,
Xayolga botganday charog'on kunsiz,
Chaqnar uzoqlarda g'amgin chaqinlar,
Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.
16/03/2020.
Erta bilan soat 8:43.
Kanada, Onterio.
Shu'lalardan qamashadi ko'z
Yulduzlar bosirqab, qaygadir uchar,
Oydin yo'laklarga to'shaladi bo'z.
Odam ko'rinmaydi bo'm bo'sh ko'chada,
Shu'lalardan qamashadi ko'z.
Oydinda soyalar misoli ro'yo,
Qaylardadir ko'ppak akillar gohi.
Shulaafshon oyga tegib turar go'yo,
Gullayotgan o'rikning shoxi.
13/03/2020.
Erta bilan soat 9:16.
Kanada, Onterio.
Qorlar shitirlashin tinglamoq uchun
Ruhing yorishadi, shuuringda mung,
Uylar mo'risidan o'rlaydi tutun.
Borliq sukut saqlar, qorzarralarning,
Mahzun shitirlashin tinglamoq uchun.
12/03/2020.
Kunduz soat 11:09.
Kanada, Onterio.
Van Gog
Qosh - kipriging, sochu soqoling malla,
Ko'zlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
Bint bilan o'ralgan uchburchak kalla,
Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.
Shtrixmi yo to'zg'ir kartinangda yung?
O'qrayib qaraysan, qovog'ing uyib.
Ranglar to'zonida jilvalanar mung,
Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.
U yoqda o't o'lan dengizi bormish,
Hali tushmaganmish bug'doyga o'roq.
O telba musavvir, devona, darvesh,
Makoni yolg'izlik, jandasi firoq.
Yulduzlar talaydi ko'kni beomon,
Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
Umidvor boqadi mag'ribga hamon,
Chetan devor osha kungaboqarlar.
07/03/2020.
Erta bilan soat 8:36.
Kanada, Onterio.
Termulib to'ymaydi ko'lmaklarga oy
Xiqillaydi sutdek oydinda aprel,
Shar shur eriyverar qaxrli qorlar.
Dong qotib, go'dakdek uxlab yotar el,
Darchalarning xorg'in chirog'i chorlar.
Yo'llarda ko'rinmas bironta odam,
Dov daraxt odamday o'yga botadi.
Vaqt soat bilan hamon hamqadam,
Oqsoqlanib, o'ychan odim otadi.
Bahor ko'z yoshlari chakillab tomgan,
Ko'chada qolmadi ko'zgusi yo'q joy.
Sumalaklar tushar qarsillab tomdan,
Termulib to'ymaydi ko'lmaklarga oy.
08/03/2020.
Erta bilan soat 9:28.
Kanada, Onterio.
Uchrashuv
Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
Ko'kda yulduzlarga yetishmaydi joy.
Sokin sukunatda besas, besado,
Shu'lalar to'shaydi dalalarga oy.
Tutdek to'kiladi yulduzlar suvga,
Baqalardan shovla qaynatar sohil,
O't -o'lanni kechki shudringla yuvgan,
Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.
Bo'g'iq akillaydi olisda itlar,
Yig'laysan, ko'ksimga qo'yganingcha bosh.
Lablaring chetida omonat titrab,
Olmosday porlaydi bir tomchi ko'zyosh.
06/03/2020.
Kunduz soat 1:02.
Kanada, Onterio.
Olis - olislarda yongan chiroqlar
Yoritib kimsasiz jim jit dalani,
Oy asta ilohiy nurlarin elar.
To'zg'ir giloslarning gulpallalari,
Oydin yo'laklarda sayr etging kelar.
Bug'doyzor ustida oyning o'rog'i,
Yulduzlar samoni talaydi bitday.
Osmon ishtonida bulut yamog'i,
Shamol daydib yurar bog'larda itday.
Qop qora ko'zoynak taqqan ajnabiy,
Zulmat kezib yurar daryo yoqalab.
Uzoqda tirillab traktor kabi,
Kuylaydi jo'r bo'lib mudroq baqalar.
Ko'zgu kabi shaffof suvda bexatar,
Nilufar g'unchasin ochish uchun shay.
Son sanoqsiz yulduz charaqlab yotar,
Vatanimning olmos chiroqlariday.
05/03/2020.
Erta bilan soat 9:00.
Kanada, Onterio.
Qadrdon itlar
Uzoqlarda faryod ko'tarar poyiz,
Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
Oy kezar dalalar ustida mayus,
El ulusni uyqu elitgan mahal.
Yulduzlar koinot kipriklarida,
Omonat ko'z yoshi singari titrar.
Kimsasiz osuda zulmat qa'rida,
Xorg'in akillaydi qadrdon itlar.
04/03/2020.
Kunduz soat 4:51.
Kanada, Onterio.
To'zg'oq
Ko'cha fonusini chaqib, talayotgan,
Qorzarralar uchar mo'ri malaxdek.
Bo'ronda mast alast garmon chalayotgan,
Sozandaga o'xshar daraxtlar.
Dalalar suprasi oqarib yotar,
Xaloyiq charchagan, to'ymaydi uxlab.
Shamol ko'cha ko'yda beg'am, bexatar,
Tomdagi qorlarni to'zg'itar puflab.
Kafanga o'rangan bog'u rog' g'arib,
Qo'zg'olganday go'yo borliqda maxshar.
Xayoli parishon ko'cha fonuslari,
Mahzun to'zg'iyotgan to'zg'oqqa o'xshar.
04/03/2020.
Erta bilan soat 9:43.
Kanada, Onterio.
Shamol xushtak chalar etikdo'z kabi
Qushlar janub tamon uchmay netadi?
O'gay kuz xaydasa, o'zing o'ylagin.
Tikonga ilinib, yirtilsa ham etagi,
Tuman sudrayverar ko'ylagin.
Farrosh xazonlarni yoqadi to'plab,
Sovrilib yellarga orzu armoni.
Olislaydi, kuzgi havoni xo'plab,
Osmon sahrosida qushlar karvoni.
Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
Ular uchar issiq o'lkalar tamon.
O'ychan hushtak chalar etikdo'z kabi,
Dalalarda daydib zerikkan shamol.
03/03/2020.
Erta bilan soat 8:17.
Kanada, Onterio.
Chigirtkalar yoprilishini kutib
Quyosh g'amgin botar, sokin tong otar,
Xuvillaydi bog'lar kun o'tgan sayin.
Sambittol hasratli o'ylarga botar,
Kokili shovullab shamolda mayin.
Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
El qishni pinxona, orziqib kutar.
Oppoq chigirtkalar bo'roni aro,
Hademay dala dasht ko'rinmay ketar.
02/03/2020.
Erta bilan soat 9:25.
Kanada, Onterio.
Pilaso'piya
Sevgi nima?
Sevgi - bu chidab bo'lmas ruhiy extiyoj.
Chidayotgan bo'lsang, demak sevmabsan.
Bu extiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
muxtoj bo'lmagan, tilanchi bo'lmagan
biror kimsa yo'q.
Hamma nimagadir, kimgadir muxtoj.
Dunyo deb atalgan o'tkinchi, muvaqqat
xijrat xujrasida hamma muxojir.
Besh to'rt so'm pul topgan kishi bo'lib,
g'aribroq odamga ko'z qiri bilan qarab,
tishlarini kovlab, kekirgan kimsa
qilgan chala pucha ibodati evaziga,
bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab
ko'zlarida shashqator ko'zyoshi bilan,
soatlab, yig'lab tilanadi Xudodan sog'lik,
molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
mag'firatu sersoya Jannatlardan joy.
Ha, extiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
barcha extiyojmand, barcha tilanchi.
Derazadan yo'llarga intizor boqqan
yetim kabi hamma mehrga muxtoj.
01/03/2020.
Erta bilan soat 9:51.
Kanada, Onterio.
Subhidam
Tongi sukunatda, beg'am, bemalol,
El ulus dong qotib uxlayotir jim.
Chorbog'larda daydib yurgan, ey shamol,
Ayt, osmonni chavaqladi kim?!
29/02/2020.
Kunduz soat 11:45.
Kanada, Onterio.
Maqomat
Kuzning lablaridan arimas xanda,
Boshini yorsa ham sangi malomat.
Egnida xazondan tikilgan janda,
Misli piri murshid, sohibkaromat.
Qilt etmas xazonrez bog'larda tuman,
Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
Kamtarin donishmand avliyosimon,
Vazmin xayol surar, saqlar sukunat.
29/02/2020.
Kunduz soat 12:55.
Kanada, Onterio.
Oydinda o'riklar gullagan oqshom
Kimsasiz yo'lakka oy nurin to'shar,
Yulduzlar uchquni chatnaydi gohi.
Chorbog'lar loypaxsa devor osha,
Uzatar gullagan o'riklar shoxin.
Yulduzlarga cheksiz koinot torday,
Jimirlar qoraygan osmon qozoni.
Oqartirar tungi yo'llarni qorday,
O'rik gullarining oppoq to'zoni.
24/02/2020.
Erta bilan soat 8:30.
Kanada, Onterio.
Jirafa bilan suhbat
Jirafa, lallayib yurguncha buytib,
Uzun bo'yning cho'zib, qarachi,
Ko'rinarmi mening serquyosh yurtim,
Sohillarga tutash paxta dalasi?
Ko'kqarg'a, qaldirg'och o'yib, in qurgan,
Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.
Shamol shovullagan qamishli sohil,
Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
Tinglab kakkularning hasratli ohin,
Dexqonlar yurgandir sholisin o'tab?
Qalin yog'ochgardish ko'zoynak taqqan,
Yo'l qarab, mung'aygan pastakkina uy.
Ko'zyosh kabi toshib, limillab oqqan,
Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.
Suvlar ko'zgusini sindirib, butlab,
Chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
Qirg'oqda sigirlar yurardi o'tlab,
Ko'rinmayaptimi?
Attang...
23/02/2020.
Kech soat 5:59.
Kanada, Onterio.
Kakkuqushning ini
Bir odam qo'lida uzun tayoq bilan,
Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
kutib turdi uning indan chiqishin.
Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
boshin chiqargancha: - kakku! kakku! -deya
o'zini unitib sayray boshladi.
Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
qo'lidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
kakkuqush gilamga top etib tushdi.
22/02/2020.
Kech soat 5:53.
Kanada, Onterio.
Dov - daraxt soyasi to'shalgan yo'lak
Quduqning bo'g'ziga o'zini osdi,
Yolg'izlangan zanjirband chelak.
Osmon yuzin yulduz sepkili bosdi,
Oyning shulasiga belandi yo'lak.
Dov - daraxt soyasi to'shalgan ko'cha,
Topolmaydi oydan berkingani joy.
Zulmatda yulduzlar uchquni uchar,
Chelakdagi suvda jilpanglaydi oy.
22/02/2020.
Kunduz soat 1:54.
Kanada, Onterio.
Isiriq tutatar bog'larda tuman
Menga o'xshab yalqov, bekorchimas shamol,
U yupun bog'larni soliqqa tortar.
Qushlar uchib ketar janubga tomon,
Kundan kunga elning hayrati ortar.
Isiriq tutatar o'tloqda tuman,
O'sha turnalarni janubga quvgan.
Kuz xovuz bo'yida o'ltirar hamon,
Xayoli parishon, termulib suvga.
Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
Esib o'tar ekan yonimdan shoshib,
Bitta bargni tutib oldim havoda,
Bosib ketmasin deb sho'rlikni moshin.
21/02/2020.
Kechki soat 7:12.
Kanada, Onterio.
Sabab
Oydinda bemalol uxlolmas avom,
Mening ham tun bo'yi daydishim tayin.
Yolg'iz odimlashda etarkanman davom,
Shamol chalib o'tar yonimdan nayin.
Nahot ko'zi oqib tushdi darchaning,
Oyning shu'lasiga qilolmay toqat?
Vaqt o'tgan sari bunda barchaning,
Qisqaradi umri soat ba soat.
Mana nima uchun shovullaydi daryo,
Va porlar oy ichga yutib ovozin.
Mana nechun poyiz ko'tarar faryod,
Varaq varaq yirtib osmon qog'ozin.
21/02/2020.
Kech soat 5:42.
Kanada, Onterio.
Mo'jiza
Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
U so'zlay biladi, qo'shiq ham kuylar,
Qorzarra to'zoni to'zg'igan payti,
Ko'rinmay ketganda dalayu uylar.
Soyabon ostida ko'chada yursang,
Bir o'zing, salmoqli qadamlar tashlab.
Soyaboning chertib, o'zicha xursand,
Qor asta shivirlab gapira boshlar.
21/02/2020.
Kundusz soat 5:00.
Kanada, Onterio.
Qo'nar dala - dashtning sochiga qirov
Xorigan yaproqlar daqiqa sanab,
Top - toza yo'laklar uzra to'kilar.
Shamol ivirsitgan yo'laklarga qarab,
Farrosh aynib - achib so'kinar.
Qo'zg'oladi ko'kda qushlar bo'roni,
Osmonga alanglab qaraydi barcha.
Chirpirab raqs tushar bog'lar xazoni,
To yiqilib qolguncha, charchab.
Janub tamon jo'nab ketadi kuz ham,
Guvillagan qushlar to'zoni aro.
Bog'lar sarg'ayadi, misoli musxaf,
Qo'nar dalalarning sochiga qirov.
21/02/2020.
Erta bilan soat 8:15.
Kanada, Onterio.
San'at asari
Tajribali tabib cingari soat,
Tekshirar vaqtning tomir urishin.
Vaqt esa hech kimga qilmas itoat,
Ko'rsang lol qolasan yurishin.
Xona devoriga qo'yilgan ilib,
Qo'li gul rassomning san'at asari.
Unda xoru xazon yotar titilib,
Yo'lovchilar g'amgin ishga shoshadi.
Ko'milib yotibdi xazonlarga yo'l,
Xayollarim xazon kabi sochildi.
Kartinaga asta tegizgandim qo'l,
U kuzgi bog' tomon qiya ochildi.
20/02/2020.
Kunduz soat 1:48.
Kanada, Onterio.
Qaraysan, chelaging tushib qo'lingdan
Qushlar uchar issiq o'lkalar tomon,
Hademay dalalar halovat topar.
Moylanmagan temir dorvozani shamol,
Goh qiyalab ochar, gohida yopar.
G'amgin xo'rsinishdan endi ne foyda,
Kuzdan ko'ra senga bahor yoqardi.
Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
Kuzgi qoqio'tday sochi oqardi.
Osuda tumanli tiyramox tongi,
Kuzgi cho'kirtaklar sog'u so'lingda.
Turnalar faryodi to'la osmonga,
Qaraysan, chelaging tushib qo'lingdan.
19/02/2020.
Kunduz soat 5:22.
Kanada, Onterio.
Sayr
Ko'kdan oy xayoli parishon boqar,
Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
Yolg'izlik va yana sensizlik yomon.
Yulduzli bu kecha, o'ngmi yo ro'yo?
Daydib yurar latif, ilohiy nasim.
Daraxt shoxlarining soyasi go'yo,
Oqlangan devorga chizilgan rasm.
Ishlanganday ular ganch kabi o'yib,
Nafis soyalarga yetishmaydi joy.
Go'zal manzaraga boqayin to'yib,
Yana biroz porla, ketib qolma, oy!
19/02/2020.
Kunduz soat 2:44.
Kanada, Onterio.
Hayrat
U yolg'iz suzadi yog'och qayiqda,
Bir maromda g'amgin eshkaklar eshib.
Ochilar nilufar, hech kimdan xayiqmay,
Suvning shaffof ko'zgusini teshib.
U suzar ko'zagullar ochilgan joyga,
Mast alast chayqalar sohillarda suv.
Boqib daryo uzra porlayotgan oyga,
Hayratdan angrayib qotib qoldi u.
Itlar sukunatni buzar akillab,
Sohil osmon bilan borar qovushib.
Eshitilar hatto, eshkaklardan chakillab,
Tomayotgan suvning tovushi.
18/02/2020.
Erta bilan soat 8:14.
Kanada, Onterio.
Chinqiriq
Dalalarni jimgina yoritardi oy,
O poyezd telbadek ko'tarma faryod!
Buzma sukunatning oromini, hoy,
Chekkan kabi afyun va taryok.
Yulduzlar qandilin titratdi, qara,
Sokin sukunatni buzdi tovushing.
Qudumingdan titrar o'tlog'u dala,
Po'latdan yasalgan ekan kovushing...
Hayriyat, ovozing tindi tong sahar,
O'chirib osmonning rangi qutini.
Uzoqda uyg'ondi, burqsitib shahar,
Zavod fabrikalar tutunin.
17/02/2020.
Kunduz soat 1:34.
Kanada, Onterio.
Og'zi qulog'ida, jilmayar hilol
Darchalarning ko'zi tushmasin oqib,
Zulmat qamramasin o'ngu so'limni.
Dov - daraxtlar mash'alasin yoqib,
Kuz, yoritar mening yo'limni.
Paypaslaydi chiroq shu'lasi bilan,
Traktor zulmatli kuzgi dalani.
Mudraydi charaqlab, misoli chaman,
Qishloq chiroqlarga talanib.
Jilmayib qaraysan, eshiging ochib,
Parishon sochlaring o'ynaydi shamol.
Jilmayar og'zining tanobi qochib,
Shudgorlangan dala ustida hilol.
17/02/2020.
Erta bilan soat 8:18.
Kanada, Onterio.
Kuz hasrati
Tikonga ilindi tumanlar etagi,
O'tloqda yilqilar yurganday o'tlab.
Dala - tuzning qurib qolgan chechagi -
Qoqio't to'zg'og'in bo'lmaydi butlab.
Xilvatlarda bazm quradi jinlar,
Borliq sharob to'la qadimiy xumday.
O bo'm- bo'sh, taxtadan yasalgan inlar,
Hasratla janubga boqmangiz bunday!
16/02/2020.
Kunduz soat 4:54.
Kanada, Onterio.
Xiyobon
Yo piray, sen buni qayerdan bilding?
Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
Tabiat hademay, erta yo indin,
Bo'lmasaydi qishning qahriga duchor.
Bog'da bargi xazon uchadi pastlab,
Novdadan uzilib tushgani ozday.
Daftar ham xurpayib, qanotin rostlab,
Uchib ketmasa bas janubga g'ozday.
16/02/2020.
Kunduz soat 2:32.
Kanada, Onterio.
Iyul
Tentirab yurgan shu yolg'iz kapalak,
Oxir jufti bilan topishar.
Qushlarga hayqirar bog'bon kapada,
Olis uvotlarda bo'zlar popishak.
Sukunat qo'ynida serraygan terak,
Suvlar ko'zgusiga termuladi lol.
Sigirlarga soya - salqin joy kerak,
Sukunat qilt etmas, oyoqlari shol.
Sarob jimirlaydi, yel esar mayin,
Tin olar to'rg'aylar sayragan o'tloq.
Raqs tushar charx urib, chirpirab quyun,
Kimsasiz dalada to'zg'itib tuproq.
16/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.
Kuzgi sukunat
O'ychan to'kiladi qaxrabo barglar,
Goh to'zg'ib uchadi, izlab boshpana.
Ey, farrosh, kimsasiz, tumanli bog'da,
Ko'rmay, bosib olma xaskashni yana!
Kuzgi xiyobonlar o'y - xayol surib,
Sokin sukunatga tutadi quloq.
Qaysidir ayvonda, to'rqovoqdan turib,
Bedana modasin qo'yar qumtaloq.
15/02/2020.
Kunduz soat 10:19.
Kanada, Onterio.
Gilam
It quvgan soqovdek chopadi poyiz,
Og'ir vagonlarning karvonin sudrab.
Oy oppoq nilufar, osmon esa xovuz,
Xurrak otar baqalar, mudrab.
Telarsib axtarar tunamoqqa joy,
Darbadar shabboda ko'zlari so'qir.
Daraxt shoxlarining soyasidan oy,
Yo'lga to'shash uchun poyondoz to'qir.
15/02/2020.
Erta bilan soat 9:35.
Kanada, Onterio.
Ozodlik
Ochib yubordilar qafas darchasin,
Osmonu falakka havolandi qush.
Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
Bilolmay, ko'rgani o'ngmi yoki tush.
Uchar qanotlari ketguday titilib,
Parlarini shamol tortqilab yular.
Qafas, ozod bo'lib, qushdan qutilib,
Og'zini lang ochgancha kular.
15/02/2020.
Erta bilan soat 8:34.
Kanada, Onterio.
Kechuv
O'zanidan toshar bahoriy daryo,
Bosar o'tloqlaru dala dashtni suv.
Shamol tol kokilin o'ynar beparvo,
Goho kapalakni quvlab ketar u.
Yalangoyoq shamol, etiklarin yechib,
Aylanadi uysiz, daydi, sayoqqa.
Ko'm - ko'k osmonlarni o'tadi kechib,
Daraxtlar, shoshilmay yog'ochoyoqda.
14/02/2020.
Kunduz soat 12:53.
Kanada, Onterio.
O'ktobr
Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
Hali yangramadi masjidda azon.
Qo'nmadi o'rmonlar etagiga shom,
Bog'larda pichirlar duogo'y xazon.
Loqayd tentiraydi ajina shamol,
Ko'ylagi xazondan, tushar o'yinga.
Xayoli parishon kuz sohibjamol,
Xazondan poyondoz to'shar yo'limga.
Dov daraxt jandasi oqar daryoda,
Yalog'och bog'larning yetim armoni.
Osmon sahrosida ko'tarar faryod,
Ko'chmanchi qushlarning g'arib karvoni.
14/02/2020.
Kunduz soat 12:15.
Kanada, Onterio.
Qordan yorishadi ruhing dalasi
Tizza bo'yi qorga botgan dov -daraxt,
Kimsasiz dala -dasht ortida uylar.
Cho'kirtak chayqalib, ichganday araq,
Shamolda yolg'izlik qo'shig'in kuylar.
Oydindek oqarar yiroq yiroqlar,
Qarayman, muzlagan oynani artib.
Qorbo'ronda porlar mayus chiroqlar,
Qor uchquni to'zg'ir betartib.
Qor to'xtamay yog'ar paxtadek xo'ppak,
Sarjinda o'tinlar yotar qalashib.
Erinib xuradi zulmatda ko'ppak,
Qordan yorishadi ruhing dalasi.
14/02/2020.
Erta bilan 9:43.
Kanada, Onterio.
Sog'inch
Chiyillab, sohildan ketolmay uzoq,
Oppoq chag'alaylar uchadi minglab.
Dengiz chanog'iga tutaman quloq,
Guvillagan qadim shovqinni tinglab.
To'lqinlar esa, uzoqdan meni ko'rib,
Bir birini quvlab, qumloqni yopar.
Qattiq sog'inganday ulardan biri,
Sakrab, quchog'imga o'zini otar.
Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
Chag'alaylar ohi girdibodimda.
Mayin sochlaringni visolgoxda oy,
Yoritgan laxzalar hamon yodimda.
Borsam, tanirmikan daryoning labi,
Qari tol boqarmi yo'lga intizor?
Uchrashsak, shu dengiz to'lqinlari kabi,
Otasanmi o'zingni quchog'imga, yor?
13/02/2020.
Kunduz soat 4:06.
Kanada, Onterio.
Sovg'a
(Shoir va rassom ukam Azamjon Musayevga)
Istasangiz, esdalik uchun shu pashshao'ldirgichni sizga sovg'a qilaman. Siz u bilan bekorchilik jonga tekkan mahallar, sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga qo'ngan mudroq pashshalarni o'ldirishingiz mumkin - deya men sohibjamol ayolga o'zimning yaqinda nashrdan chiqqan, yupqa daftarni eslatguvchi piyozpo'sti kitobimni sovg'a qildim.
13/02/2020.
Kunduz soat 10:10.
Kanada, Onterio.
Hijron
Izg'irin darchalar oynasin yalar,
Qor bosgan yo'llarning yo'qday poyoni.
Qorchivinlar ko'cha chirog'in talar,
Tegmasa ham uning elga ziyoni.
Darichang ortida yog'ar laylakqor,
Xushtak chalar ayoz qo'lida chalg'i.
Yostig'ing yakkamas, bola chaqang bor,
Lek hamon dunyoda yashaysan yolg'iz.
Tortganicha oyu yillar tanobin,
O'tarkan shuncha yoz, bahoru qishlar.
Sen hamon ichasan ko'z yosh sharobin,
Tunlar gazakiga yostig'ing tishlab.
13/02/2020.
Erta bilan soat 9:48.
Kanada, Onterio.
Poyezd
Gohida o'rmalar, goh uchar qushday,
Chinqirar zulmatda telbaga o'xshab.
Uzoq uzoqlarda chaladi xushtak,
Pishqiradi xorg'in, qaydadir to'xtab.
Mana ellik yilki, misoli haykal,
Qaqqayib turibman perronda hamon.
Hamon ketib borar bir pari paykar,
Ko'zida jiqqa yosh, mangulik tamon.
12/02/2020.
Kunduz soat 1:38.
Kanada, Onterio.
Oy porlagan oqshomlar
(Latibjon Kenjayevga)
Bog'larda chirildoq chirillagan tun,
G'amnok bo'zaradi ayvon chirog'i.
Parvonalar esa charx urar beun,
Tom ustida porlar oyning o'rog'i.
Jovdiraydi olis yulduzlar ko'zi,
Oy, "gax!" desang go'yo qo'ngudek qo'lga.
Paxsa devor osha, bo'ynini cho'zib,
Teraklar do'stimday qaraydi yo'lga.
12/02/2020.
Kunduz soat 11:16.
Kanada, Onterio.
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar
Daryo to'lqinlari qumloqni yalar,
Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
Shitirlab, shivirlab, yomg'ir savalar,
Shamolda shovullar qamishlar yoli.
Delta suvi oppoq ko'zagullarga to'la,
Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar.
Xo'rakni talashib, suv ostida ular,
Bir birining kayfiyatini buzar.
Yomg'irli sohildan kelmaydi ketgim,
Ilinsada baliq qarmoqqa minglab.
Boqaman suvdagi xalqalarga jim,
Shivirlagan yomg'ir ohini tinglab.
Yomg'ir savalagan sohillar so'lim,
Ko'zlarim - bahoriy daryo o'zani.
Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
Ko'zlarimga botir ko'zani.
12/02/2020.
Erta bilan soat 8:25.
Kanada, Onterio.
Qishki chivinlarning oppoq galasi
Ko'cha fonuslarin talaydi, to'zg'ib,
Oppoq chivinlarning telba galasi.
Qalin qorko'rpalar ostida mizg'ir,
Zulmatda oqargan fermer dalasi.
Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
Kumush zanjir, kishan kabi shaldirab.
Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
O'kirmasin telba momaqaldiroq.
Mayli uxlayversin, uyquni ursin,
Qirovli chorbog'lar, qor bosgan dala.
Ko'cha fonuslarin uxlatmasin bir zum,
Qorzarralar chivin kabi talab.
11/02/2020.
Kunduz soat 2:02.
Kanada, Onterio.
Oy
Oy anhorda oqib borar yarim tun,
Suvga tushgan koptok singari behol.
Uni cho'pak bilan surib, tutib olmoq uchun,
Anhorga enkayib uzanadi tol.
10/02/2020.
Kech soat 5:00.
Kanada, Onterio.
Dengiz oqshomi
Bandargox tamonda chiroqlar porlar,
Oydinda yaltirar shudringday tongi.
Olislardan meni o'ziga chorlar,
Kemalarning hazin, hasratli bongi.
Suvlar sahrosida dengiz tuyalari,
O'rkachida chag'alay galasi uxlar.
Osmon chetin kemirar yulduz kuyasi,
Tugab borar tunga berilgan muxlat.
Shovullab, tebranar bahaybat beshik,
Shovqindan iborat dengiz lisoni.
O'tadi bulutlar siynasin teshib,
Oy nuri qopdagi bigiz misoli.
10/02/2020.
Kunduz soat 3:49.
Kanada, Onterio.
Sahro
Sholoplaydi qirg'oq, dengiz chayqalar,
Baliqchi qirg'oqda yamayotir to'r.
Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
Chiyillaydi dengiz shovqiniga jo'r.
Shamollarda chopib, qiqirlab kulgan,
To'lqinlar bir birin quvlab, quvonar.
Va kimsaiz sahroda shamollar yulgan,
Tuyaqorinlar kabi dumalar.
10/02/2020.
Erta bilan soat 9:25.
Kanada, Onterio.
Yoz
Kapalaklar uchar o'ngu so'limda,
To'rg'aylar sayraydi to'liqib, toshib,
Bug'doyzorda peshvoz chiqdi yo'limga,
Dala qo'riqchisi quchog'in ochib.
Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
Bir maromda o'ntab, oh chekar g'urrak.
Go'yo dala etagida, jiydazorlar aro,
Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.
24/01/2020.
Kunduz soat 1:14.
Kanada, Onterio.
Yomg'irli shahar
Shahar yomg'irlardan ancha yoshardi,
Avtobus qayiqday yuribdi suzib.
Xaloyiqqa ko'lmak suvin sochadi,
Hammani kuldirib, ichagin uzib.
Chiqar, old eshikka o'zini urar,
Va orqa tamondan tushadi avom.
Avtobus odamday tirjayib kular,
So'ng yana yo'lida etadi davom.
09/02/2020.
Kech soat 7:37.
Kanada, Onterio.
Shovullar shamolda dengiz dalasi
Qax - qax otib kular momaqaldiroq,
Dolg'alar qo'ypoda singari chopar.
Chekinar to'lqinlar, chekinar firoq,
Yomg'irlarda ruhing halovat topar.
Shovullar shamolda dengiz dalasi,
Naxanglar hanjari suvni chavaqlar.
Qanotlari ila chag'alaylar galasi,
To'lqinlarni o'qir, varaqlab.
09/02/2020.
Kech soat 6:30.
Kanada, Onterio.
Quvg'in
Chopar, boshqa yumushi yo'qday,
Qizigan shar ustida inson.
Shar oyog'in kuydirar cho'g'day,
Yugirishdan to'xtasa, tinsa.
Oyoqyalang chopar u chidab,
Lovullaydi to'piq - tovoni.
Kuygan go'shtning qo'lansa xidi,
Butkul tutib ketgan havoni.
Bug'lanadi ichilgan suvlar,
Sahro, cho'lu biyobon jimdir.
Chopayotgan odamni quvlar,
Qo'lda chalg'i tutgancha kimdir.
09/02/2020.
Kunduz soat 1:39.
Kanada, Onterio.
G'arib chiroqlar
Osmonda yulduzlar yotar charaqlab,
Shahar jim, xaloyiq ketganday ko'chib.
Oydinda o'z soyasiga o'zi daraxtlar,
Havotirli qaraydi, cho'chib.
Yulduzlar jimirlar ko'zyosh singari,
Zulmatning tim qora kipriklarida.
Suvga termuladi mayus va g'arib,
Chiroqlar daryoning ko'priklaridan.
09/02/2020.
Kech soat 5:30.
Kanada, Onterio.
Toptalgan gulxan
Bulut lavasiga cho'karkan quyosh,
Kun ham yonib bitar, qorayar samo.
Charchagan ko'ppakday tin olar, yuvosh,
Tilin sakillatib yugirgan shamol,
Darchalarning olmos chirog'i porlar,
Zirillar chirildoq chirillagan joy.
Yo'llarga soyasin to'shaydi tollar,
Jim, sassiz, sadosiz suzib yurar oy.
Beminnat, musaffo, shifobaxsh havo,
Baqalar qurillar uzoqda sho'x -shan.
Miltillagan cheksiz yulduzli samo,
Toptab o'chirilgan gulxanga o'xshar.
09/02/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.
Qushlar zanjiri
O't - o'lan qoqilib kuzgi yellarga,
To'xtovsiz chopadi, kezib dalani.
Jo'nar, surnay chalib, olis ellarga,
Turnalar guruxin sozandalari.
Bangidek erinchoq tumanlar kezar,
To'zg'ir momaqaymoqlar to'zoni.
Sen o'tguvchi yo'lu yo'laklarni bezar,
Dov daraxtning o'ychan xazoni.
G'arib bir yetimlik borday havoda,
Lovullagan ufqning sovir tandiri.
Xasratlarga to'la cheksiz samoda,
Chuvalanar qushlar zanjiri.
08/02/2020.
Kunduz soat 3:05.
Kanada, Onterio.
Kitob
Shovullaydi shamol shashtida o'rmon,
Yolg'iz uchib yurar daydi kapalak.
Osmon bulutlardan ko'tarar xirmon,
Uzoqda qorayar kulba, kapalar.
Dov daraxt ichganday sukunat mayin,
O'rgimchak xilvatda belanchak to'qir.
Novdasiga qo'ngan kapalakni qayin,
Muqaddas kitobday avaylab o'qir.
08/02/2020.
Erta bilan soat 9:29.
Kanada, Onterio.
Xushtak
Darchadan qorlarga qarayman hamon,
Qutb qashqirimas, izg'irin uvlar.
Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
Oppoq uchqunlarning ortidan quvlar.
Qoruchqunlar uchar zulmatda o'qday,
Oynalarni cho'qir ustiga ustak.
Zulmatda chinqirgan poyezdga o'xshab,
Oshxonada choynak chaladi xushtak.
08/02/2020.
Erta bilan soat 8:38.
Kanada, Onterio.
Zulmat
Qor uchqunlarining telba galasi,
Sovuq darchalarga urar o'zini.
Qorko'rpa ostida dexqon dalasi,
Dong qotgancha uxlar cho'zilib.
Guvillaydi qorli kimsasiz ko'cha,
Quyun zulmatlarda shopiradi qor.
Xorg'in darchalarda chiroqlar o'char,
Tun - qordan yorishgan afsonaviy g'or.
Oqarar yo'llarning oppoq qog'ozi,
Mudrayotgan shahar charchab, xorigan.
Eshitilar daydi ko'ppak ovozi,
Tubsiz zulmatlarning qa'ridan.
08/02/2020.
Erta bilan soat 7:52.
Kanada, Onterio.
Bog'lar yarim yalong'och, yupun
Kuzning o'ychan shamoli izg'ir,
Hazin xoru xazonlar ohi.
Shamollarda chalar sibizg'a,
Daraxtlarning yalong'och shoxi.
Dala qo'riqchisi kiyingan yupun,
Yoriladi kuzgi bog'lar anori.
G'amgin havolarda suzadi tutun,
Qishga tutashadi kuzning davomi.
Shamol esa yurar timirskalanib,
O't o'lanni qayriydi to'xtab.
Galadoshin burga bitlarin,
Izlayotgan maymunga o'xshab.
07/02/3020.
Kunduz soat 12:31.
Kanada, Onterio.
Qiyqiriq
(To'bo xola hotirasiga)
Yozgi dalalarda kezar daydi yel,
Salqin chorbog'larga sho'ng'iydi qushlar.
Sarob jimirlagan paykal aro el,
Oftob qilichining tig'ida ishlar.
Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
Kovshanib, ko'zlarin yumadi, mudrab.
Havoda muallaq to'rg'ay vijirlar,
Jiydazor tomonda o'ntaydi g'urrak.
Oshpaz To'bo hola tuproq tepada,
Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
Daydi kapalakni quvlar shabada,
Dov - daraxt soyasi to'shalgan joyga.
07/02/2020.
Erta bilan soat 8:57.
Kanada, Onterio.
Asal
Tugab yozning surgan davru davroni,
Tindi, jimib qoldi soyu jilg'alar.
Ko'kda turnalarning g'arib karvoni,
Janub tamon asta sirg'alar.
Chumchuqlar buluti dalalar uzra,
Guvillab uchadi, misoli bo'ron.
Bog'larga qo'narkan, halovat izlab,
Shomgi daraxtlarda ko'tarar suron.
Tujjor bozorchada asalin sotar,
Shisha bankachaga qarayman qotib.
Sho'rlik asalari qilt etmay yotar,
Yozda o'zi yiqqan asalga botib.
06/02/2020.
Kunduz soat 12:43.
Kanada, Onterio.
Qishki momaqaymoq
Janubga xaydadi qushlar galasin,
Kuzning g'arib, g'amgin havosi.
Shudgorladi yana osmon dalasin,
Turnalarning ko'xna omochi.
Pag'a pag'a yoqqan birinchi qorda,
Ko'zdan g'oyib bo'ldi o'tlog'u dala.
Izg'irinlar charchab, xolidan toygan,
Darchalarning sovuq oynasin yalar.
Qorlarga ko'mildi yaqinu yiroq,
Kimsasiz so'qmoqlar, daryolar labi.
Oppoq uchqunlarga talanar chiroq,
To'zg'iyotgan momaqaymoq kabi.
06/02/2020.
Kunzuz soat 10:49.
Kanada, Onterio.
Mutolaa
Odam o'qir edi qiziqarli roman,
Sahfalarga tig'day qadaldi ko'zlar.
Unga hayrat ichra termulgan hamon,
Qo'rqib ketdi bechora so'zlar.
Ayniqsa kulganda xandon, qiyqirib,
Bamisli bahoriy momaqaldiroq,
So'zlar bir birining pinjiga kirib,
Cho'chib, dag' -dag' titradi uzoq.
Yemay - ichmay, o'qiyverdi odam,
Goho g'azab bilan qisdi mushtini.
Fitnalarga turolmasdan chidab,
So'kib yog'iylarning yetti pushtini.
So'ng yig'lab yuborsa bo'ladimi bo'zlab,
Kitob yozgan yozuvchini aynib so'kib.
Ivib, shishib ketdi bechora so'zlar,
Yog'ayotgan ko'z yoshlarga bo'kib.
05/02/2020.
Kech soxot 6:58
Kanada, Onterio.
Tongi sukunat
Osuda tong otar, sukunatli yo'l,
Bo'zara boshlaydi osmon yanada.
Shudringdan shalabbo, qanotlari xo'l,
Bedanalar sayrar tongi dalada.
Xovlilardan o'tib, xovliga ko'char,
G'ir g'ir esayotgan ilohiy sabo.
Xorg'in darchalarning chirog'i o'char,
Yo'talsang, sukunat berar aks - sado,
Xaybatli quyoshga termuladi lol,
Uzoq - uzoqlardan dala, qir - qiya.
O't -o'lan ichida to'xtar majnuntol,
Shudringlar to'kilib ketmasin deya.
05/02/2020.
Tungi soat 1:00.
Kanada, Onterio.
Maxshar
Boylikdan batamom qutildi daraxt,
Tashlab og'ir tilla xazonlar yukin.
Va g'amgin kimsasiz yo'llarga qarab,
Xayollarga botdi, saqladi sukut.
Chorbog'larda daydib yurarkan shamol,
Qurigan o't - o'lan boshini silar.
Hazonga yonboshlab, beg'am, bemalol,
Mayxo'rday dong qotib uxlaging kelar.
Achchiq tutun xidi suzar havoda,
Bog'larda o't -o'lan qovjirab qaqshar.
Sahroday kimsasiz so'yi samoda,
Qushlar qo'zg'aloni, faryodi maxshar.
04/02/2020.
Kunduz soat 11:04.
Kanada, Onterio.
Kuz hasrati
Qaxrabo barglarin to'kadi chinor,
Bo'm bo'sh xiyobonlar xuvillab yotar.
Bog' qippa yalang'och, o'ynaganday qimor,
Dov - daraxt uyalib, avratin yopar.
Puflab o'chirilgan shag'am kabi ular,
Sirli bo'lsin deya ayyomi visol.
Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
Qanotlari kuygan parvonamisol.
Kuzgi tolzorlarga cho'kadi hasrat,
Qag'illaydi bog'lar qarg'ayu zog'i.
Shamol o't - o'lanni avaylab, asrab,
Xazonlarga ko'mib qo'ymoqchi, chog'i.
03/02/2020.
Kech soat 6:04.
Kanada, Onterio.
Hayrat
Yo'llarga poyondoz to'shayotir oy,
Bir o'zim daydiyman oydinda yayov.
Yulduzlar burgadek ko'kni hoynahoy,
Uxlagani qo'ymay, chaqar beayov.
Kimsasiz dala -dasht berar aks - sado,
Daryolar ortida ko'ppaklar xursa.
Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
U ovozsiz urar, mobodo ursa.
Xuddi tushda alaxsiraganday, oqib,
Bir narsalar deya valdiraydi soy.
O'tloqda ochilgan moychechaklarga boqib,
Yana tildan qoldi, angraygancha oy.
03/02/2020.
Kunduz soat 4:04.
Kanada, Onterio.
Vaqt
Men, kuzgi osmonlarni hasratga to'ldirib,
olislab borayotgan kulrang turnalarning
vidolarga to'la faryodiman asli.
So'ng, juda nari borsa, men, shunchaki, o'sha
sen, xayollarga botib, uzoq termulguvchi
deraza ortidagi chetandaraxt mevalarini
loqayd cho'qiyotgan kuzgi yomg'irman halos.
Tag'in kim biladi, balki qor yog'ayotgan kecha
sen soatlab qarab ham to'ymaydigan o'sha
qor bilan qoplangan kimsasiz dalalarning
osuda halovati, sukunatidirman?
Ba'zan oddiy ovqatning, suvning, havoning,
muvaqqat molu dunyo, mansab martabaning
maishatning ojiz quli emasmikanman deya
bexudud o'y - xayollarga botaman.
Tunlar vaqtni yeb, yeb, bo'kib, xiqichoq tutgan
soatning xiqillashiga va temir yo'lning
umurtqa pog'onalariga qoqilib, borayotgan
poyezd g'ildiraklari sadosiga quloq tutgancha,
oyga, xuddi muz tuynigiga termulgan baliq singari
hayrat va umidla boqaman uzoq.
Goho subhi sodiq mahal oqarishib borayotgan
osmon chetidagi yo'l yo'l bulutlarning
sukunati bo'lsaydim - deya o'yga tolaman.
Ba'zan, qor bo'ralab yog'ayotgan qish kechasi
qorlar to'zoni aro goh ko'rinib, goh yo'qolib,
uyiga eltguvchi yo'lni topolmay, gandiraklab,
turtinganicha yo'rtib borayotgan mast alast,
bir yolg'iz yo'lovchiday sezaman o'zni.
Stol ustida yotgan oppoq va beshafqat qog'oz,
oy ohista yoritayotgan qorli yo'llarni va
kuzda ochilgan paxtalardan oqargan oppoq
yurtim dalalarin eslatar menga.
Go'yo kunlar, oylar, yillar, va hatto asrlar
o'tib borar, oyoqlari uchida ohista yurib.
Vaqt esa, soat millarining o'tkir jovdisida
soniyalar boshin tanasidan judo etarkan,
kafgiri bilan kinoyali bosh bosh qilib,
achchiq shiqillatib qo'yar tilini.
02/02/2020.
Kunduz soat 10:36.
Kanada, Onterio.
Yulduzli osmon
Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
Yonarqurt cingari tovlangancha alar,
Osmonu falakka bo'lar ravona.
Yonar g'o'zapoya, shabba, xoru xas,
Yolg'izlik, sukunat, oydin halovat.
Nazarimda go'yo yulduzlarga emas,
Alvon uchqunlarga to'ldi samolar.
01/02/2020.
Erta bilan soat 9:38.
Kanada, Onterio.
Muzlagan daryo
Qishning sochi qorday oqargan,
Birinchi qor, kimgadir so'ngi.
Odam qorga o'ychan boqarkan,
Bilolmas, bu tushmi yo o'ngi.
Muzlab qolgan daryodagi suv,
Oppoq jimlik, misoli ro'yo.
Oqchorloqlar ko'tarar qiy - chuv,
Eri urayotgan xotinday go'yo.
31/01/2020.
Erta bilan soat 9:20.
Kanada, Onterio.
Bahor toshqini
Bahor toshqinlari, suv bosgan dala,
To'lqinlar yugirib, bir birin quvar.
Sohil toshlarini novvotday yalab,
Yulduzlarni yaraqlatib yuvar.
Suzar daryo uzra osuda tuman,
Oydinda ortimdan sudralar ko'lkam.
Osmon yulduzlarning shu'lasi bilan,
Suvlar chuqurligin tekshirar, o'lchab.
29/01/2020.
Erta bilan 8:33.
Kanada, Onterio.
Oydin sukunat
Deraza ortida serraygan daraxt,
Osmon kambag'almas, yulduzlarga boy.
Oqarishar oydin kimsasiz dala,
Ko'zni qamashtirib porlayverar oy.
Alvon giloslardan bog'lar bag'ri qon,
Uzoqda baqalar qaynatar shovla.
Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
Uyg'onmas, bostirib kelsa ham yovlar.
Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
Arshga yetib borar chirildoq ohi.
Mo'ralab qo'yadi darchalarga sekin,
Osmonu falakning malika, moxi.
.
25/01/2020.
Tungi soat 1:54.
Kanada, Onterio.
Pion
Ko'cha fonusi o'z plafonining yerda sinib yotgan parchalariga parishon termulganicha mahzun xayollarga g'arq. Xuddi oppoq gulpallalari to'kilgan pion guliday.
Xayku yolg'izlikni kuylaguvchi ixcham san'at asari bo'lib, u tashvishlardan bezgan,noxaqliklardan, ozorlardan charchagan, g'iybatlar paykonidan vujudlari g'alvir, xorg'in ruh egalarining chekinadigan uzlatgoxi, xilvatidir.
Yapon shoirlari tabiat bilan uyg'un umr kechirib, xaykular yozish uchun roxiblar kabi janda kiyib, xassa tayanib, yovvoyi kaptarlar g'uvillayotgan kimsasiz dalalar ortida,tumanli tog' qishloqlaridagi chakalakzor o'rmonlarda, vayrona ibodatxonalarning unut xarobalarida, yovvoyi gullar ochilib yotgan o'ngirlarda yolg'iz yashaganlar va go'zal, o'lmas asarlarni yozib qoldirganlar.
Xaykularda ko'p qirrali nimkosa ma'no, falsafiy mazmun yo'q.
Yapon shoirlari xaykular orqali go'zal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali o'quvchiga xayrat bag'ishlaydi, tuyg'ularini ibtidoiylashtirib tabiatga yaqinlashtiradi, insonning hissiyotlarini sun'iylik g'uborlaridan tozalaydi.
Yapon shoirlari toju-taxt vasvasasi, fisqu fasod, shaxvoniyat va molu dunyo xirsidan yiroq o'z xayku va tankalarida go'zal manzaralarni aks ettirib, INSONLAR qalbida Xudoi Taolo qudratining tajallosi bo'lgan musaffo tabiat go'zalligiga mehr - muhabbat uyg'otadi .
Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini va tankalarini o'z tarjimam orqali hukmingizga havola qilaman.
Xoldor Vulqon
BUNDAN 600 YIL AVVAL YoZILGAN XAYKU VA TANKALAR.
Xoldor Vulqon tarjimalari. 1983 -2013 yillar.
* * *
Baland qoyadagi daraxtga yana
Ilinib qolibdi
Mening varragim . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Ajoyib varrak ko'tarildi
Kambag'alning tomi ustidan
Ko'm - ko'k osmonga . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
Varragim boshqa varraklar bilan
Qo'shilib likillar Edo* ustida . . .
* Edo- Tokioning eski nomi.
Kobayasi ISSA .
* * *
Sel toshqini .
Oh , qanchalar to'lib oqmoqda ,
Qal'a atrofidagi zovurlar !
Masaoka SIKI .
* * *
Bahor seli .
Okeanga quyilmoqda
Bo'tana suvlar . . .
Yosa BUSON .
* * *
Suv toshqini
Mushuk tushib ketdi oqimga
Sakrab o'tolmadi bechora .
XORO
* * *
Bahor shamoli .
Yutoqib - yutoqib suv ichar sichqon
Sumida daryosidan . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Qayiq ustida varaqlari
Tosh bilan bostirilgan kitob
Bahor shamollari esar . . .
KITO .
* * *
Bahor shamoli .
Turnalar oqarib xurpayar ,
Qarag'aylar orasida . . .
RAYDZON .
* * *
Xuddi odamlarday daydib yuribdi ,
Kaptarlar , chumchuqlar
Baliq ovi mavsumida .
Kobayasi ISSA .
* * *
Baliq ovi mavsumida
Qisqichbaqa ishonqiramay
O'lchab yurar qumda oyoq izlarin . . .
ROFU
* * *
Gullagan sakuralar ichra
Fudziyama yuksalmish ko'kka -
Yaponiyada bahor !
SYoU
* * *
Uzoqdagi fudzi tog'larin
To'sib qo'ydi yashil to'nila
Yoshgina yaproq .
Yosa BUSON .
* * *
Sholi ekish mavsumi .
Ox qancha qayg'u , qancha tashvishlar
Quyilgan - a bu qo'shiqlarga !
Kobayasi ISSA .
* * *
Dexqon uxlar tog' etagida .
Ketmonchaga boshini qo'yib
To'rg'ay sayramoqda havoda .
Kobayasi ISSA .
* * *
Sholipoya chopgani chiqdim .
Qush ham sayrab qo'ymas aqalli
Tog' yonbag'rida . . .
Yosa BUSON .
* * *
Men bu yerni ag'dargunimcha
Ketib qopti dala osmonida
Suzib yurgan bir parcha bulut . . .
Yosa BUSON .
* * *
Oqshom tutunlari .
Nog'oralar zirillar gulxan tomonda
Chalinadi quloqqa qo'shiq . . .
RYoTA .
* * *
Kun uzoq cho'zilar
Ko'prikka qo'nganicha turar tustovuq
Ketmaydi uchib . . .
Yosa BUSON .
* * *
Kun uzundan uzoq ,
Olisdan elas - elas eshitiladi ,
Objuvozning horg'in g'ijiri . . .
YaXA .
* * *
Uzoqda uchmoqda bir gala o'rdak ,
Men ketmonchamni chayqayman .
G'aq etadi nimadir suvda . . .
Yosa BUSON .
* * *
O'tloq uzra tutun cho'zilgan
Vaysashmoqda bir narsalar deb
Ikkita biya . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Eh sen bulbul !
Loy oyog'ingni arttayapsanmi ,
Olxo'ri gullariga . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Bulbul sayrayapti
Har zamonda tashlab qahrli nazar
Mening kulbamga . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Bulbul sayramoqda
Gox uyonga , gox buyonga o'girilib
Gullagan novdada . . .
Yosa BUSON .
* * *
Bulutlarga sho'ng'ib
Va ularla uchib shamolga
Qaldirg'ochlar kelar bahorda .
DAKOTSU
* * *
Dexqon ishlayotgan
Orol ustida ham
To'rg'ay qo'shig'i . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Yashil javdarizor .
To'rg'ay ko'tarildi dala ustiga
So'ng yana pastladi . . .
ONITSURA .
* * *
Narsalarni yoruqqa qo'yib ,
Kuzataman soyalar tug'ilishini
Kuzgi choshgoxda . . .
KYoSI .
* * *
Tong yorishar
Qo'ng'iroqlar ovozi
Tumanlarga belanar .
Mansuo BASYo .
* * *
Fudzi tog'i ,
Kuzgi osmonni teshib
Ko'tarilar yuksakka .
ONITSURA .
* * *
Kuz kechasi
O'raladi no'noq yo'lovchi
Yupqa ko'ylakka . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Taralmoqda o - o - o - ou !
Mungli chorlov aks - sadosi
Tun qo'ynida daydiydi bug'u . . .
Matsuo BASYo .
* * *
Kuzgi tog'da ibodatxona .
Ayvonda turgancha tingladim ma'yus
Bug'u chorlovin . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Bug'u ovozi
Olisga jaranglab singadi
Ma'yus va ma'yus
Matsuo BASYo .
* * *
Tungi sovuq .
Menga juldur to'nin qarzga beradi
Daladaga qo'riqchi . . .
Matsuo BASYo .
* * *
Izg'irin ,
Uzoqlarda kasal turnani
Ko'rayapman men . . .
Yosa BUSON .
* * *
Po'sht - po'sht , chirildoq
Xozir yonboshimga ag'darilaman -
Qani , jo'nab qol - chi bu yerdan !
Kobayasi ISSA .
* * *
O'choq boshidagi kovakka
Chirildoq kirib olgan
Tungi sovuq . . .
Yosa BUSON .
* * *
Kuz kelmoqda
Bu xaqda xabar olib ,
Uchib keldi qizil ninachi .
SIRAO .
* * *
Zog'cha tutib oldim
Uning ko'zlariga qarab bildimki ,
Kuz kelayotir .
DAKOTSU .
* * *
Ilgaklangan eshik -
Hovli sahnasida
O'ynar xazonrez . . .
TEYGA .
* * *
It xurmoqda
Ajratib qurigan xazon shitirin
Xovlida bo'ron . . .
Sisey - DZYo .
* * *
Oyoq ostidan chiqqach
Chiroyliroq bo'lib qoldi u -
Bujmaygan yaproq
KYoSI .
* * *
Nok archayapman , oqmoqda ,
Xushbo'y ,shirin tomchilar
Pichoq bo'ylab yugirib . . .
Masaoka SIKI .
* * *
Oppoq xrizantema -
Mana qarshisida to'xtab qaychi ham
Qotib qoldi bir daqiqaga .
Yosa BUSON .
* * *
Yangi bog' yaratdim
Nihoyat undagi toshlar namlandi
Birinchi qish yomg'iri . . .
SYaDO .
* * *
Birinchi qish yomg'iri
Maymun ham qarshilik qilmaydi
Kiydirsang chopon .
Matsuo BASYo .
* * *
Qanday qaysar odam !
Baliq tutar qish yomg'irida
Qosh qoraygan chog' . . .
Yosa BUSON .
* * *
Men shamolga qarshi yurayapman
Soyabonim ortga tortadi
Qishki yomg'irlar vaqti . . .
Sisey - DZYo
* * *
Dexqon keng dalada
Menga yo'l ko'rsatdi
Yulingan sholg'om bilan . . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Tashlandiq hovuzda
Bir poy qamish shippak
Ho'l qor yog'moqda . . .
Yosa BUSON .
* * *
Tovuqlar katakda uxlashayotir
Bu vaqt qor yana qalinroq
Qoplayotir dalalar ustin.
Kobayasi ISSA
* * *
Shamol qalpog'ini uchirib
Savalaydi sellar beayov
Qo'riqchi dalada . . .
XAGI - DZYo .
* * *
Oydin kecha -
Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
Daladagi qo'riqchi . . .
Masaoka SIKI .
* * *
Daladagi qo'riqchi
Hatto Xizr bo'lib kelganida ham
Boshdan olmas yevroqalpog'in .
DANSUY .
* * *
Hoy , hovlida yana ne shovqin ?
Bu qo'riqchi , kuchli shamolda
Yerga qulab tushdi gursillab .
BONTYo .
* * *
G'oz , yovvoyi g'oz ,
Ayt necha yil uchding sarosar
O'rmonlar ortiga , dengiz ortiga ?. . .
Kobayasi ISSA .
* * *
Yovvoyi g'ozlarning galasi ,
G'og'olab pastladi yaydoq dalaga .
Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .
KYoROKU .
* * *
Qizilishton taqillatmoqda -
Kun botsa ham hamon tinmaydi
Hamon o'sha eski joyida . . .
Kobayasi ISSA
* * *
O'choq boshidagi kovakda
Kuylar tamom o'zin unutib
Tanish chirildoq . . .
Matsuo BASYo .
* * *
Teshik soyabon -
Qishlov uchun qo'l keldi juda
Ko'rshapalaklarga !. . .
Yosa BUSON .
* * *
Sovuq tun
Jig'imga tegishchun qo'shnilar atay
Qozon taqirlatayotirmi ?
Yosa BUSON .
* * *
Sichqon chiqib borar
Ko'rpam yonidagi jinchiroq sari
Yog' ham muzlabdi . . .
Yosa BUSON .
Matsuo Basyo yozgan xaykular:
Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
Yeyman shekilli yolg'iz bir o'zim.
***
Dengiz suvida suzib yurar
Mayda yaltiroq baliqchalar
Tutaman desang yo'q bo'lib qolishar.
***
Sovuq shamollarda sholoplar eshkak
Yuragim siqilar
Tun yana ko'z yosh...
***
Shu qoyadan turib
Ko'm - ko'k dengizga
Qalpog'imni uloqtiraman!
***
Qishki dala
Uzoqlarda yurar dexqonlar
Qolgan - qutgan cho'plarni yig'ib.
***
Sochim o'sibdi
Ozib ketdim, rangim olingan
Bug'u oyidagi yomg'ir to'xtamas.
***
Banan yaproqlari so'lg'in
Oyning porlab chiqishini
Sarg'ayib kuzatar dexqonlar
***
Yo'llar toyg'oq muzlama
Attang, toyib yiqildi
Shirakayf do'stim.
***
O'lgan o'g'lin eslab yig'ladi ota
So'nayotgan gulxan cho'g'lari
O'chib qoldi uning ko'zyoshlaridan.
***
Egnimdagi qog'oz ko'ylagimni
Ivitib yirtibdi
Bahor yomg'iri.
***
Muzlagan olabug'a baliqlari
Irjaytirib yotar tishlarin
Sovuq do'kon peshtaxtasida.
***
Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan cho'pagimni
Sindirdi kuzgi shamol.
***
Ufqlarga botmoqda quyosh
Kuzgi daryo suvlarida
Yaltillaydi mayda baliqlar.
***
Choponim yupqa.
Kun bo'yi o'tirib undagi bitlarni
Terib o'ldirdim.
***
Juda qalin qor yog'ibdi
Endi Xakbinz tog'idan
Qanday oshib o'tar odamlar?
***
Yosinodagi gullagan giloslarni
Ko'rsataymi senga,
Mening qalpog'im?
***
Oxir quvib yetdim
O'tgan bahorni
Olis "Vaka bandargoxida.
***
Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!
***
Ot ustida uxlab qolibman.
Uyg'onganda ko'rdim olisda oyni
Tongi tutunlar.
***
Qarayman, aylanar qorga
Qorong'u kechada
Qishki yomg'irlar.
***
Ustunlariga has - xashak ilingan
Ko'prik xayrlashayotir
To'lin oy bilan.
***
Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uyg'otishdi meni
Shovullaydi bahor yomg'iri.
***
Qiziqamiz yonar qurtlarga,
Qayiqchidan umid yo'q, u mast,
To'lqinlar qayiqni surib bormoqda.
***
Oydin qish kechasi
Qor bosgan yo'llar,
Itga otay desam topilmaydi tosh.
Kobayasi Issaning yana ikki xaykusi:
Kechib o'tdim sayoz va toshli,
Fe'ruzarang daryo suvlarin
Shippagimni qo'limga olib
***
Oydin kecha
Tiniq sholipoya suvida
Oqib yurar gilos gullari .
Kovaxigasi Xekigadoning ikki xaykusi.
Suzayotir qora kemaday,
Sekin asta bulutlar aro
Tog'ning cho'qqisi.
***
Shilliqqurtning sira
Chig'anog'idan chiqqisi kelmas
Kuzgi shamollar.
Masaoka Sikining ikki xaykusi
Gullagan Yamabuka soyasi,
Suv solingan qovoqda
Biltanglaydi kumushrang baliq.
***
Kimsasizlik.
Daraxt soyasidagi o'rindiqda
Qarag'ayning igna barglari.
Nayto Meysetsu yozgan xaykular:
(1847 - 1926)
Og'ilxona ustida
Porlar yangi oy.
Olxo'ri gullabdi.
***
Qaytarib keladi o'z ovozimni
Yana o'zimga
Kuzgi bo'ronlar.
***
Oy porlayotir.
Oyoq qo'ydim osma ko'prikka,
Lapangladi ko'prik g'ijirlab .
***
Yurmayotgan otining
Jilovidan tortar zo'r berib
Aravakash sovuq kechada.
***
Eshitilar oyna ortidan
Dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh ko'p.
***
Zilol suvli daryo,
Lapanglab oqmoqda
Suvga qulatilgan xodalar.
***
Tutunlarda ko'rinmay ketar
Sargashta roxib.
Olislarda yangrar qo'ng'iroq.
***
Chug'urchuqlar galasi
Uchib o'tdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.
***
Menga sovg'a berishdi,
Uyga olib ketyapman suvli kosada
Oltin baliqchani.
***
Qish yomg'iri.
Xamma narsa jim.
Qirg'oqdagi qayiq ham hatto.
***
Go'yo itoatkor kapalakni oldiga solib
Xaydab kelayotganga o'xshar
So'qmoqdagi yo'lovchi.
Taneda Santoka
Xaykular
( 1882 - 1940)
Shunday ketmoqdaman
So'zanakni qalpog'imga
Qo'ndirganimcha.
***
Yolg'iz o'tiribman
Romlarga yelimlab
Yangi qog'ozni.
***
Qanday va qayoqdan qaramayin
Hamon yog'ayapti to'xtamay
Yog'ayapti qor.
***
Chirildoqlar chirillar.
Berkinishning iloji yo'q
Bu tovushlardan.
***
Hamon uchayapti
Kuzgi daraxtlarning
Yaproqlari sovuq shamolda.
***
Dam olib yotgan chog'im
Qizil so'zanak
Oyog'imga qo'ndi o'tloqda.
***
Yaxshilab chaynash kerak,
Hafsala bilan.
Guruch bu guruchda...
***
Sake ichib
Chirildoqlar bilan
Uxlab qolibman.
***
Yozgi sel shovqini
Yillar o'tishi bilan men kabi
Qaribdi u ham.
***
Mana uchrashdik nihoyat,
Baland qoyalarda choy butalari.
Ular gullabdi.
***
Ayozli qish kechasi.
Sovuq izg'irin.
Men qayerda tunayman endi?..
***
Qayoqqadir shoshar
Sovuq bulutlar
Cheksiz osmonda...
***
Dalada izg'irin.
Toshlarni teraman
Kuzgi shamolda...
***
Qishki yomg'irlar.
Nazarimda,
O'lmaganga o'xshayman hali...
***
Qanday ivib ketdima!
Boyagina huv anavi,
Bulutlardan yoqqan yomg'irda!..
***
Uzuliksiz kovshanaman.
Mening ovqatim -
Guruch kepagi.
***
Hoy ,noinsof chigirtka!
Xaltadagi guruch o'zi oz!
Ertagacha yetsin...
***
Kechki ovqat yo'q.
Kuzataman quyoshni
Tog'lar ortiga...
***
Oh, qanday ajoyib
Sel boshlanishi!
"Tuk - tuk - tuk - tuk'...
***
Yolg'iz kapalak pildirab
Uchib aylanyapti.
Hamma yoqda tosh.
***
Oqshomda uyga qaytayapman
Qor ustini qoplab borar qor.
Taraladi sukunat xidi.
***
May oqshomi.
Baqalar qurillashi aro
Poyezd shovqini.
***
Ayvonda o'ltirib
Tongi shabbodada
Umebosi qiyomin yeyman . . .
***
Yolg'iz va sokin
Jim - jit o'ngirlarning
Shaffof tonglari . . .
***
Iyul jalasi
Toshib ketdimi deymanda ,
Samo to'g'oni . . .
***
Xotiralar uchib kelar
Qaydandir birdan
Oppoq yuvosh kapalak bilan . . .
***
Atrof tog' o'rmoni ,
Boshim ostida tosh .
Va bulutlar kuzgi osmonda . . .
***
Tungi ibodatxonada
Tongacha mushuk
O'ynaydi parvona kapalak bilan.
***
Yo'lda kasal bo'lib qoldim ,
Mana endi tungi zulmatda ,
Tinglayapman sel shovqinini . . .
***
Qorong'i tushdi
Endi oydin tog'lardan
Axtaraman tunamoqqa joy.
***
Naxot shu kul qolgan bo'lsa
Yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .
***
Tong pallasi yirik tomchilar
Nog'ora qilib chalar
Kulbaning tomin .
***
Burga chaqib uxlatmayapti . . .
Yulduz to'la bepoyon osmon . . .
***
Dengizlarga tikilganimcha
Soxildagi o'tloqda
Bo'shanaman , xojat qilaman.
***
Bolakaylar o'ynab yuribdi
Qabrlar aro . . .
***
Oqshom qo'ng'irog'i jaranglar . . .
Oyoqlarim yurmay qo'ydi . . .
***
Kuzgi shamollarda
Ot sug'oraman . . .
***
Cho'chqa menga tikildi ,
Qiziqishdan ochilgan og'ziga
Kirmoqda kuzgi shamol .
***
Kun bo'yi yomg'ir yog'di .
Men o'yladim xasratga cho'mib ,
Olislarda qolgan Vatanimni .
***
Yemish so'rab miyovlar mushuk
Lekin hech narsa yo'q unga bergani . . .
***
Buncha ham mazali
Bo'lmasa guruch .
Kavshanaman bir o'zim o'ychan .
***
Oftob qizdirmoqda
Ustarada qirilgan
Taqir boshimni...
Isikava Tokuboku
( 1886 - 1940 )
***
Yarim kechasi ko'chada xayrlashayotib
O'pishgandik ikkimiz uzoq . . .
Olis kunlar yong'ini . . .
***
Turgenevning romanin
Poyezdda o'qib ketayotib
Isikari dan o'tib ketibman.
Midzuxara Syuosi
***
Ko'l uzra porlayotgan oyni ,
Tomosha qilmas hech kim
Barcha sholi o'rimida . . .
***
Binafshalar gulladi yana
Toptaldi so'qmoqlar
Bahorgi o'rmonlarda
***
Olmalar gullagan .
Boyagina yoqqan bahor selida ,
Oppoq gul qopladi soxil suvlarin.
***
Oy porlar .
Qayinlar soyasi sezilmas ,
Tumanlarga cho'mgan qayinzor.
***
Bahorni kuzatayapman
Yomg'irlarda shalobbo ivib
Bulutlar bilan yuzma - yuz , tog'da.
***
Yomg'irli kun .
Oqin bo'ylab oqar xrizantemalar
Ko'rinmaydi bironta qayiq.
***
Choy gullaydi baland qoyada ,
Shom zulmati qoplagan tog'lar .
Olislardan ko'tarilar oy.
***
Naxotki binafsha
Yolg'iz gulladi
Tutzorda yana . . .
***
Qaldirg'ochlar chiyillab uchar ,
Tog'lar orasidagi uyimning ,
Tomi ustidan .
***
Xagi gullayotir
Asama tog'iga chiqaman
Bulutlarni qayrib . . .
***
Jarlar aro , to'lqinlar uzra ,
Chaykalarning ini yonida
Olxo'ri gullar . . .
***
Berkinadi o't - o'lan ichra
Tunash uchun o'tloq kakkusi ,
Yaqinlashar tun . . .
Akutagava Ryunoske
***
Xatto quyonning ham ,
Quloqlari shalpayib qoldi
Qanday issiq havo !
***
Mana tong otdi ,
Qo'shig'ini to'xtatib birdan ,
Chirildoq jimib qoldi.
***
Tog' etaklarida
Yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
Choy g'unchalari.
***
Qishki yomg'irlar ,
Kanal qirg'og'idagi choyxonada
Yolg'iz bir mexmon . . .
***
Bog' yo'lakchasidagi
Ko'lmakda aks etar
Azaliya gullari . . .
***
Qish kechasi sovuq ,
Yo'lning ikki cheti
Bambuk o'rmoni .
Natsume Soseki
***
Men kasal yotgan xonaning
Bambuk pardasida
Kuzgi kapalak.
***
Kuzgi daryo uzra ,
Aks - sado yangrar .
Chayla qurishyapti uzoqda.
***
Kuzgi daryo soxili ,
Topib oldim silliq , yapaloq .
Oppoq qayraq tosh . . .
Nakamuro Kusado
***
Gilos mevalari
To'ldi qirmiz sharbatga
Biz o'g'il ko'rdik . . .
***
Qishki dengiz ,
Oqayotgan gul pallalariday ,
Suzar chaykalar.
***
Osmonda yulduzlar,
Qayiq to'la olma ,
Uy tamon suzaman...
***
Ko'zaga suv quydim
Qo'ng'iroqlar tovushin tinglab ,
Yangi yil kechasida.
Iida Dakotsu
***
Pechkada o'tin yonar ,
Oyna orti - sovuq dengiz uzra
Chiyillaydi chaykalar . . .
***
Pechka eshigin ochdim ,
Oxista , istamaygina
Yonadi ko'mir . . .
***
Shamolda chayqalib jaranglar
Eshigimga osilgan qo'ng'iroq
Anor gullabdi . . .
***
Pashshaxonaga kirib yotibman ,
So'nayotir kuzgi saharda
O'choqdagi kechagi cho'g'lar . . .
***
Namiqib bo'kdi tevarakdagi ,
Quvrab qolgan kuzgi maysalar.
Yomg'ir quyar tog'larni yuvib.
***
Esar g'arbiy shamollar ,
Kirib kelar yomg'ir suvlari ,
Ostonaga qadar o'rmalab .
***
Inson qalbiga o'xshar
Faqat bir narsa -
Kuzgi yonar qurt . . .
***
Qor ko'mib tashladi
Barcha yo'llarni
Isinaman o'choqda yolg'iz . . .
Nayto Meysetsu
***
Shaffof suvda
Qilt etmaydi mudroq baliqlar
Kuzgi shamol . . .
Takaxama Kyosi
***
Qor og'irligidan qiyshaygan
Og'ilxona tamonda
Maraydi sigir . . .
***
Guvillagan sovuq shamolni ,
Ko'ksim bilan qarshi olib .
Bir zumga unutdim qariganimni . . .
***
Men bugun xar doimgidan ham ,
Qo'proq achindim gullarga
Qish shamolida
***
Baland qoya toshlar aro
Ko'rinadi mo''jaz bir qishloq ,
Qishki qaltis yo'llar .
***
Ikkiga ayrilib
Olisga cho'zilar ikki ip -
Dala so'qmoqlari
***
Xademay jimib qolar
O'tinchilar boltasi tog'da ,
Kuzgi yomg'irlar . . .
***
Uxlang Tokioliklar !
Birinchi qish yomg'iri yog'ar ,
Tungi jimlikda
***
Ariqchani loyqalatib ,
Dexqonlar sholg'om yuvar
Xafsala bilan . . .
***
Qishki bo'ron .
Fonarning xira nuri ,
Aks etadi paqir suvida.
***
Mo'rini ochaman .
Qilt etmay osilib turar ,
Kul ustida mudroq o'rgimchak.
***
Birinchi qish yomg'iri ,
Mening yuragimda umrbod
Qolar endi u . . .
***
Janub yoqqa uchib o'tdi qush ,
Tumshug'ida nimadir cho'qib .
Meva shekilli . . .
***
Mana , yana bitta chinor novdasi ,
Yalang'ochlandi . . .
Chor - atrof jim - jit.
***
O'tinchilar qarar ,
Tog'lardan turib ,
Vodiylarda qolgan qorlarga . ..
Kovaxigasi Xekigado
***
Oyog'im ostida o'ralashib ,
O'sgan maysalar aro
Chiyillaydi mitti jo'jalar.
***
Men tun bo'yi xayku yozaman ,
Xotinim esa
Nimanidir yamab - yasqaydi . . .
***
O'tloqqa chiqaman ,
Qizg'aldoqlar to'zg'ir shamolda
Suqsirlar uchib o'tar . . .
***
Kartoshka qaynataman,
Tovushsiz koinot bo'shliqlarida
Yig'lar bolakay . . .
***
Qoraygan o'choq mo'risi uzra
Aylanadi inga joy izlab
Qaldirg'ochlar baxorda . . .
***
Qishloqda bayram ,
Qirmizi fonarlar yonar ,
Bug'u ma'rar olis zulmatda . . .
***
Suv charxpalagin aylantirishdan ,
Charchadi odamlar
Sholi ekish mavsumida . . .
***
Bug'da pishirilgan sholg'omni
Suzmaga qo'shib yeb
O'ltirdim g'amgin . . .
***
Sovuq suyagimdan o'tib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qarag'aylar aro daydiyman .
***
Novdalari gulga burkangan
Bexi daraxti ostida
Gullaydi binafshalar .
***
Xuv ana , uzoqda
Yosa ning qishki dalalarida
Ko'rayapman qor qarqaralarin .
Isikava Takuboku
Kasalxona derazasiga
Yaqin olib kelishdi meni.
Odamlarni ko'rib quvondim.
***
Oxiri uloqtirdim
Kuya yegan telpagimni men.
Olti yil kiydim uni.
Toki Dzemmaro
Uzoqlarni ko'rsatdim barmog'im bilan,
U yoqlarda, u o'lkalarda
Oqib yotar Volga daryosi.
***
Uziliksiz, xuddi telbadek,
O'ylayverdim achchiq tamaki chekib
Olis Sibir qorlari xaqda.
***
Qayta - qayta o'qiyman ko'zlarimda yosh,
Yurakka yaqin Turgenevning bu kitobi.
Muqovasi sarg'ayib ketgan...
***
Ox, necha bor o'chdi papiros cho'g'i,
Hasratli o'ylar -
Achchiq Rus tamakisi, qish...
Nasivaki Dzyundzaburo
Kuzgi daryo qirg'og'i.
Uzun - uzun o't - o'lan ichra
Baliq tutayotgan odam o'ltirar.
Buyuk yapon shoiri, xaykuchilikning so'ngi vakili Masaoka Siki 17 sentyabr, 1867 yili Iye provinsiyasidagi Matsuyama shahrida iste'fodagi o'rtahol samuray oilasida dunyoga keldi.Masaoka 12 yoshida birinchi she'rini va nasriy asarlarini yozdi.U Tokiodagi Imperator universitetining adabiyot fakultetiga o'qishga kirdi.1892 yildan boshlab Masaoka Siki o'z hayotini to'laligicha xayku yozishga bag'ishladi."Hayku" terminini ham Masaoka Siki iste'molga kiritgan. Masaokadan avval xayku "Rengi" san'atidagi uchliklar beb atalar edi.Masaoka Siki 19 sentyabr, 1902 yili Tokioda olamdan o'tdi.